Zamonaviy media makonida mamlakat imijini shakllantirish bugungi kunda dolzarb masalalardan biri bo’lib qoldi. Ijtimoiy tarmoqlar, saytlarda mamlakatimizning ijtimoiy- iqtisodiy hayotidagi muammolar qatorida, mahalliy hukumat organlari, davlat idoralari faoliyati keskin tanqid qilinmoqda. Ko’plab chiqishlarda milliy va axloqiy qadriyatlar zavol topgani ko’zga tashlanmoqda. Mamlakat imijini yaratish masalasi nihoyatda mashaqqatli bo’lgani uchun, tadqiqotchilar bu jarayonni to’liq nazorat ostiga olish mumkin emas, deb hisoblaydilar. Chunki, imijni yaratishda hech qanday manipulyatsiya bo’lishi kerak emas, bu ob’ektga mos kelishi, unga mutanosib bo’lishi kerak . Ushbu maqolada ommaviy axborot vositalaridagi rang-barang chiqishlardan uning salohiyatidan qanday qilib ma’lum bir mamlakatga, uning ichki va tashqi maydondagi obro’siga zarar emas, balki foydasi uchun foydalanish mumkinligi haqida so’z boradi.